O‘z savdo strategiyangizni bosqichma-bosqich qanday yaratish mumkin?
Savdo strategiyasi murakkab bo‘lishi shart emas. Qaysi aktivlar bilan savdo qilmoqchi ekaningizni, bitimlarni qachon ochish va yopishni hamda qancha mablag‘ni xavf ostiga qo‘yishga tayyorligingizni aniqlasangiz kifoya. Shundan so‘ng belgilangan qoidalarni sinab ko‘rishingiz va natijalarni baholashingiz mumkin.
Agar o‘z savdo strategiyangizni qanday yaratishni bilmoqchi bo‘lsangiz, ushbu bosqichma-bosqich qo‘llanma sizga amalda sinab ko‘rish mumkin bo‘lgan aniq savdo rejasini tuzishda yordam beradi.
1-qadam: Maqsadlaringizni va tavakkalchilikka tayyorlik darajangizni aniqlang
Texnik indikatorlarni tanlash yoki bitimga kirish signallarini izlashdan oldin o‘z maqsadlaringiz va imkoniyatlaringizni baholang.
O‘zingizga bir nechta oddiy savol bering:
- Savdo orqali nimaga erishmoqchisiz?
- Bozorni kuzatish va tahlil qilish uchun qancha vaqt ajrata olasiz?
- Qancha mablag‘ni xavf ostiga qo‘yishga tayyorsiz?
Masalan, har kuni bir necha soat davomida grafiklarni kuzata oladigan odamning savdo yondashuvi kechqurun atigi 20 daqiqa vaqti bo‘lgan odamnikidan farq qilishi mumkin.
2-qadam: Bozor va vaqt oralig‘ini tanlang
Endi qaysi aktivlar bilan savdo qilmoqchi ekaningizni aniqlang. Siz valyutalar, aksiyalar, xomashyo tovarlari, indekslar yoki boshqa mavjud moliyaviy vositalarga e’tibor qaratishingiz mumkin. Barcha bozorlarda bir vaqtning o‘zida savdo qilish shart emas. Bitta bozordan boshlash uning odatiy harakatlarini va o‘ziga xos xususiyatlarini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.
Shundan so‘ng mos vaqt oralig‘ini tanlang.
Qisqa muddatli savdo uchun bir daqiqalik yoki besh daqiqalik grafiklardan foydalanishingiz mumkin. Uzoqroq muddatga mo‘ljallangan bitimlar uchun esa soatlik yoki kunlik grafiklar mos kelishi mumkin.
Agar savdo strategiyasini endigina ishlab chiqayotgan bo‘lsangiz, hammasini imkon qadar sodda tutgan ma’qul. Bitta bozor va bir yoki ikkita vaqt oralig‘ini tanlang. Qo‘shimcha vositalar va omillarni kiritishdan oldin narxlarning qanday harakatlanishini yaxshilab o‘rganing.
3-qadam: Bitimga kirish va undan chiqish qoidalarini belgilang
Bitimlarni qanday sharoitlarda ochish va yopishingizni aniq belgilab oling.
«Bozor o‘sayotgandek ko‘rinsa, bitim ochaman» kabi noaniq qoidalardan qoching. Bunday qaror haddan tashqari subyektiv hisoblanadi. Ikki treyder bir xil grafikni ko‘rib, mutlaqo turlicha xulosalarga kelishi mumkin.
Buning o‘rniga aniq shartlarni belgilang. Masalan, qoidalaringiz quyidagicha bo‘lishi mumkin:
- Muayyan narx shakllanishi paydo bo‘lganda bitim ochish
- Signalni texnik indikator yordamida tasdiqlash
- Bozor sharoiti belgilangan talablarga mos kelmasa, bitim ochmaslik
- Belgilangan maqsadga erishilganda bitimni yopish
Bitimga kirish va undan chiqish bo‘yicha ushbu qoidalar savdo strategiyangizning asosini tashkil qilishi kerak. Qaysi indikator va signallardan foydalanishni o‘zingiz hal qilasiz. Eng muhimi, bitimni ochishdan oldin aynan nimalarga e’tibor berish kerakligini aniq bilishingizdir.
Aniq qoidalar strategiyani sinovdan o‘tkazishni ham osonlashtiradi. Agar bozorning har bir harakatida qaroringizni o‘zgartiraversangiz, strategiyangiz haqiqatan ham ishlayotganini yoki shunchaki omadingiz kelganini aniqlash qiyin bo‘ladi.
4-qadam: Xavflarni boshqarish qoidalarini belgilang
Bozor sizning prognozingizga teskari yo‘nalishda harakat qilsa, nima qilishingizni ham oldindan rejalashtirishingiz kerak.
Har bir bitimda qancha mablag‘ni xavf ostiga qo‘yishga tayyorligingizni va ketma-ket zarar ko‘rgan holatlarda qanday yo‘l tutishingizni oldindan belgilang. Shuningdek, savdo faoliyatingiz uchun umumiy cheklovlar o‘rnatishingiz mumkin. Masalan, bitta savdo sessiyasidagi bitimlarning maksimal soni yoki yo‘l qo‘yiladigan eng katta zarar miqdori.
Masalan, savdo rejangiz quyidagi qoidalarni o‘z ichiga olishi mumkin:
- Har bir bitimda faqat oldindan belgilangan miqdordagi mablag‘ni xavf ostiga qo‘yish
- Oldingi bitim zarar bilan yakunlangani uchungina keyingi bitim miqdorini oshirmaslik
- Oldindan belgilangan kunlik zarar chegarasiga yetganda savdoni to‘xtatish
- Faqat oldingi yo‘qotishlarni qoplash maqsadida yangi bitim ochmaslik
Aniq summalar va cheklovlar sizning shaxsiy holatingiz hamda tanlagan strategiyangizga bog‘liq.
5-qadam: Strategiyangizni demo hisobda sinab ko‘ring
Haqiqiy pul bilan savdo qilishga shoshilmang. Avval strategiyangiz simulyatsiya qilingan savdo muhitida qanday ishlashini tekshirib ko‘ring.
Quotex platformasida strategiyangizni demo hisob yordamida sinab ko‘rishingiz mumkin. Ushbu hisobda virtual mablag‘lar taqdim etiladi va platformada mavjud savdo vositalaridan foydalanish imkoniyati beriladi. Shu tariqa siz haqiqiy pulingizni xavf ostiga qo‘ymasdan mashq qilishingiz, strategiyangizni amalda qo‘llashingiz va natijalarni baholashingiz mumkin.
6-qadam: Savdo kundaligini yuriting va natijalarni tahlil qiling
Savdo kundaligi har bir qarorni nima sababdan qabul qilganingizni va undan keyin qanday natija kuzatilganini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.
Har bir bitim uchun quyidagi ma’lumotlarni qayd etishingiz mumkin:
- Sana va vaqt
- Bozor va vaqt oralig‘i
- Bitimga kirish va undan chiqish nuqtalari
- Bitimni ochish sababi
- Bitimni yopish sababi
- Natija
Savdo kundaligini shu tarzda muntazam yuritish alohida bitimlarni tahlil qilganda sezilmaydigan takrorlanuvchi qonuniyatlarni aniqlashga yordam beradi.
Ehtimol, strategiyangiz muayyan bozor sharoitlarida yaxshiroq ishlashini payqarsiz. Yoki bitimlarni ko‘pincha kerakli vaqtdan ertaroq ochayotganingizni sezarsiz. Balki qoidalaringiz to‘g‘ri tuzilgan bo‘lsa-da, zarar bilan yakunlangan bitimdan keyin ularga qayta-qayta amal qilmay qo‘yayotgandirsiz.
Shuni unutmangki, savdo strategiyasini yaratish doimiy davom etadigan jarayondir. Avval qoidalarni ishlab chiqasiz, so‘ng ularni sinovdan o‘tkazasiz, ma’lumotlar to‘playsiz, natijalarni tahlil qilasiz va zarur bo‘lganda ehtiyotkorlik bilan tegishli o‘zgartirishlar kiritasiz.




